O‘zbekiston
yangiliklari

Shavkat Mirziyoyev Toshkent va Xorazmdagi sanoat zonalarida elektrotexnika mahsulotlarini ishlab chiqarishni ko‘paytirish bo‘yicha topshiriq berdi

Shavkat Mirziyoyev Toshkent va Xorazmdagi sanoat zonalarida elektrotexnika mahsulotlarini ishlab chiqarishni ko‘paytirish bo‘yicha topshiriq berdi
JAMIYAT
00:17, 28 ноябрь 2020
54
0

Prezident Shavkat Mirziyoyev elektrotexnika va farmatsevtika sohalarida investitsiya loyihalarini jadallashtirish, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Ma’lum qilinishicha, mazkur tarmoqlarda ishni zamonaviy asosda tashkil etib, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar turini kengaytirish choralari ko‘rilgani natijasida so‘nggi uch yilda eksport hajmi 1,7 baravar oshdi. 2020-yilda bu ko‘rsatkich 350 million dollarga yetishi kutilmoqda.

Lekin hali kamchiliklar ko‘pligi, elektrotexnika va farmatsevtika iqtisodiyotda “rivojlanish nuqtalari” bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

”O‘tgan 10 oyda ikkita soha bo‘yicha 2 milliard dollardan ko‘p import bo‘lgan. Mana shu raqamning o‘zi nima qilishimiz kerakligini ko‘rsatib turibdi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Qayd etilishicha, 2020-yilda elektrotexnika sanoati tarmog‘ida 55 ta loyiha rejalashtirilgan edi. Shundan 26 tasi yo‘lga qo‘yilgan, 29 tasining ijrosi kechikmoqda.

Davlat rahbari bunday qoloqlikning sabablarini so‘rab, ularni hal etish bo‘yicha topshiriqlar berdi. Elektrotexnika tarmog‘ining drayver yo‘nalishlarini aniqlab olish kerakligi qayd etildi.

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, bugungi kunda ishlab chiqarish murakkab bo‘lmagan va xorijdan olib kelishdagi transport xarajatlari yuqori mahsulotlar importi 500 million dollardan ortadi.

“O‘zeltexsanoat” uyushmasiga 2020-yil yakuniga qadar shunday mahsulotlar ro‘yxatini shakllantirib, Toshkent shahri va Xorazmdagi sanoat zonalarida ishlab chiqarish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Mazkur tarmoqdagi eksportni 2020-yil yakuni bilan 310 million dollarga, 2021-yilda 370 million dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi. Bunda dunyoga mashhur onlayn savdo tarmoqlaridan ham foydalanish, xalqaro tenderlarda qatnashish yaxshi samara berishi aytildi. 2021-yilda xalqaro standartlarni joriy etish uchun laboratoriya va sertifikatlash markazini tashkil etish topshirig‘i berildi.

Fikrlar (0)
Fikr bildirish
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив