O‘zbekiston
yangiliklari

Shavkat Mirziyoyev farmatsevtika sohasidagi loyihalar ijrosini tanqid qildi

Shavkat Mirziyoyev farmatsevtika sohasidagi loyihalar ijrosini tanqid qildi
JAMIYAT
00:17, 28 ноябрь 2020
45
0

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev elektrotexnika va farmatsevtika sohalarida investitsiya loyihalarini jadallashtirish, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Yig‘ilishda farmatsevtika tarmog‘idagi 2020-yilga rejalashtirilgan 100 million dollarlik 37 ta investitsiya loyihasidan bugungi kungacha faqat bittasi foydalanishga topshirilgani keskin tanqid qilindi. 2021-yilda 149 million dollarlik 37 ta loyiha bo‘yicha amaliy ishlarni hozirdan boshlash zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Sohadagi yana bir kamchilik — oxirgi yillarda tashkil etilgan 16 ta yirik korxonaning 8 tasi to‘liq quvvatda ishlamayapti. Mutasaddilarga ularni birma-bir tahlil qilib, to‘liq quvvatga chiqishiga ko‘maklashish topshirildi.

Qayd etilishicha, mahalliy korxonalarda 3 mingdan ortiq nomdagi dori-darmon ishlab chiqarilsa-da, ular asosan murakkab bo‘lmagan jenerik vositalardan iborat.

“Pandemiya hammamizning ko‘zimizni ochdi, farmatsevtika nafaqat iqtisodiy, balki xavfsizlik jihatidan ham strategik tarmoq ekanini ko‘rsatdi. Birinchi bo‘lib farmzonalar tashkil etganimiz bejiz emas. Biz juda ko‘p narsaga dunyoqarashimizni o‘zgartirishimiz kerak”, — dedi Prezident.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shu bois xavfsizlik va samaradorlik darajasi yuqori bo‘lgan dori vositalarini ishlab chiqarishga o‘tish kerakligi ta’kidlandi.

“Misol uchun, kelgusi yilda Namanganda parenteral, Samarqandda gormonal va Toshkent viloyatida qon preparatlarini ishlab chiqarishga imkoniyat mavjud.

Dorivor o‘simliklarni plantatsiya usulida yetishtirish va sanoat qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish natijasida eksport hajmi 2020-yilning o‘tgan 10 oyida 40 million dollarni tashkil etdi. Hududlarda dorivor o‘simliklarni qayta ishlash bo‘yicha qiymati 42 million dollar bo‘lgan 14 ta klaster tashkil etildi”, — deyiladi Prezident matbuot xizmati xabarida.

Ta’kidlanishicha, 2020-yilda dorivor o‘simliklar plantatsiyalari 16 ming gektarga, xomashyo tayyorlash hajmi 22 ming tonnaga yetkazilmoqda. Lekin bu yetarli emas. Shu bois 2021-yilda mahsulot yetishtirish, qayta ishlash va eksport hajmini kamida 2 baravarga oshirish maqsad qilib qo‘yildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Qandli diabet kasalligida shakar o‘rnini bosuvchi steviya o‘simligini yetishtirish, baxmalgul, na’matak, topinambur, ola-o‘t, za’faron kabi eksportbop dorivorlarni sanoatlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

207 ta korxonadan 157 tasida xalqaro standartlar joriy qilinmagani qayd etilib, bu boradagi ishlarni kengaytirish muhimligi ta’kidlandi. 2021-yilda farmatsevtika mahsulotlari eksportini 55 million dollarga olib chiqish vazifasi belgilandi.

Avvalroq O‘zbekistonda vaksina ishlab chiqarish maydoni va xalqaro standartlarga javob beradigan sinov laboratoriyasi tashkil etish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, 2020-yilning 17-aprel kuni Toshkent viloyatining Zangiota tumanida Tashkent Pharma Park innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasteri qurilishi boshlangandi.

Fikrlar (0)
Fikr bildirish
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив