O‘zbekistonda 1-dekabrdan kompyuterxona va internet-kafelar faoliyatiga ruxsat beriladi

Respublika maxsus komissiyasi qaroriga binoan, 2020-yilning 1-dekabridan O‘zbekistonda elektron sportni yanada rivojlantirish maqsadida kompyuter o‘yinlari markazlari faoliyatiga ruxsat beriladi, deya xabar bergan Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati.
Bunda kompyuter o‘yinlari markazlari faoliyatida quyidagi sanitariya-epidemiologik qoidalarga qat’iy rioya qilinishi belgilab qo‘yildi:
- fuqarolarni alohida, bir-biridan ajratilgan holda stollar oralig‘ida ijtimoiy masofani ta’minlagan holda joylashtirish;
- xodimlarning tibbiy niqob va tibbiy qo‘lqoplardan foydalanishi, ijtimoiy masofani saqlashi;
- har bir fuqaroning tana haroratini o‘lchab, 37 daraja va undan yuqori bo‘lgan, infeksiya alomatlari mavjud holatda hamda tibbiy niqobda bo‘lmagan hollarda mijozlarni obyektga kiritmaslik choralarini ko‘rish;
- har bir mijozdan keyin stol va boshqa jihozlarning yuza qismini dezinfeksion vositalar bilan tozalash kabi qator sanitariya talablariga rioya qilinishi belgilab qo‘yildi.
Eslatib o‘tamiz, Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan 2020-yil 1-oktabrdan mavjud karantin va sanitariya-gigiyena talablariga qat’iy rioya etgan holda O‘zbekistonga aviatsiya, temiryo‘l va avtoyo‘l o‘tkazish punktlari orqali kirib-chiqishga ruxsat berilgan.
O‘zbekistonda karantin talablarini qisqartirish maqsadida Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan 2020-yil 5-sentabrdan maktabgacha ta’lim tashkilotlari va umumta’lim maktablarining faoliyatiga ruxsat berilgan, Maktabgacha ta’lim vazirligi 7-sentabrdan 14-sentabrgacha Toshkent va Toshkent viloyatining tumanlarida bittadan MTTning ochilishini yo‘lga qo‘yilishi, 14-sentabrdan boshlab ushbu jarayon butun respublika bo‘ylab bosqichma-bosqich o‘tkazilishini bildirgan. MTTlarning ochilishida tarbiyalanuvchilar va xodimlar xavfsizligini ta’minlash uchun ma’lum chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.