O‘zbekiston
yangiliklari

Abdulaziz Komilov Janubiy Koreya bosh vaziri bilan uchrashdi

Abdulaziz Komilov Janubiy Koreya bosh vaziri bilan uchrashdi
JAMIYAT
00:17, 28 ноябрь 2020
38
0

“Janubiy Koreya—Markaziy Osiyo” 13-hamkorlik forumida ishtirok etish uchun Seul shahriga kelgan O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov 2020-yil 26-noyabr kuni Janubiy Koreya bosh vaziri Chon Se Gyun bilan uchrashdi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi axborot xizmati xabar qildi.

Foto: Tashqi ishlar vazirligi

Uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston TIV rahbari ikki mamlakat yetakchilari o‘rtasidagi do‘stlik va ishonchga asoslangan munosabatlar alohida strategik sheriklik xarakteriga ega davlatlararo hamkorlikning asosi hisoblanishini qayd etgan.

Muloqot davomida O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasida savdo-iqtisodiy va investitsion aloqalarning faollashgani ta’kidlandi. O‘zbekistonda tashkil etilgan qo‘shma korxonalar soni so‘nggi yillarda ikki baravarga oshgani ma’lum qilindi.

Foto: Tashqi ishlar vazirligi

Fan, ta’lim, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, iqtisodiyotni raqamlashtirish va “yashil” texnologiyalarni joriy qilish sohalaridagi hamkorlikni yanada kengaytirishga o‘zaro qiziqish bildirildi.

Sog‘liqni saqlash va farmatsevtika jabhalaridagi hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Koronavirus infeksiyasi va boshqa zamonaviy epidemiologik tahdidlarga qarshi kurashish uchun mazkur yo‘nalishda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishning muhimligi qayd etildi.

Avvalroq Abdulaziz Komilov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi “Janubiy Koreya—Markaziy Osiyo” hamkorlik forumida ishtirok etgani va  Janubiy Koreya Tashqi ishlar vaziri Kan Gyon Hva bilan uchrashgani haqida xabar berilgandi.

Eslatib o‘tamiz, Abdulaziz Komilov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi 15–22-noyabr kunlari AQShga tashrif buyurgan edi. Tashrif davomida tashqi ishlar vaziri Pentagon rahbari vazifasini bajaruvchi Kristofer Miller bilan uchrashdi.

Delegatsiya 20-noyabr kuni O‘zbekiston–AQSh siyosiy maslahatlashuvlarining sakkizinchi raundida ishtirok etdi. Shuningdek, Abdulaziz Komilov AQShdagi o‘zbekistonliklarga davlat mukofotlarini topshirdi.

Fikrlar (0)
Fikr bildirish
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив