“‘Bajaramiz’, ‘yest’ qilamiz, degan odamlar endi ishlolmaydi. Ko‘p odamlar bilan xayrlashaman” — Shavkat Mirziyoyev

“Ura-ura”chilikka berilib, obyektlarni qisqa muddatda ishga tushirish uchun pala-partish qurilishiga yo‘l qo‘ygan mansabdor shaxslarga chora ko‘riladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev 5-may kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida aytib o‘tdi, deya xabar bermoqda “Kun.uz”.
“Yil og‘ir keldi. Koronavirus hammamizni qanday yashashga o‘rgatdi. So‘nggi haftalarda Buxoro va Sirdaryodagi sinovli voqealar esa bizga bitta narsani o‘rgatishi kerak: har bir qiladigan ishimizda ogoh bo‘lib, berilgan topshiriqlarni yetti marta o‘lchab, bir marta kesishimiz lozim. Hamma yerda sifat, sifat va yana bir marta sifat bo‘lsin!”, — dedi Prezident.
Prezidentning ta’kidlashicha, Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanida 2020-yilda qurib bitkazilgan bog‘chalarning faqat yarmi zarar ko‘rmagan. “Bu nima degan gap?! Mana, bizning qurilish sohasidagi sifatimiz. Bir emas, bir necha marta yuqoridan ko‘rdim. Qayerda sifat bo‘lgan bo‘lsa, natijasi ko‘rinib turibdi”, — deya ta’kidladi davlat rahbari.
“Qayerda sifat bo‘lmagan bo‘lsa, korrupsiya, o‘g‘rilik, tenderlarni ‘ura-ura’ qilgan tashkilotlar... bosh vazir o‘rinbosarlari, ‘bajaramiz’, ‘yest’ qilamiz, degan odamlar endi ishlolmaydi. Bu ishning yakuni boshqacha bo‘ladi. Juda katta tahlil qilaman, majburman tahlil qilishga. Ko‘p odamlar bilan xayrlashishga majbur bo‘laman”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezidentning ta’kidlashicha, “endi bunday ishlash bo‘lmaydi”. “Alloh taolo bu safar ham aytyapti: ‘Ey bandam, ko‘zingni och! Xalqqa halol mehnat qilish kerak, deyapti. Halol!’, — deya qo‘shimcha qildi davlat rahbari.
Место для вашей рекламы