Futbol bo‘yicha Superliga o‘yinlari Toshkentda o‘tkazilishi mumkin

Koronavirus tufayli O‘zbekiston Superligasi joriy mavsumining ma’lum qismi Toshkent shahrida markazlashgan tarzda o‘tkazilishi mumkin. Bu haqda Professional futbol ligasi (PFL) direktori birinchi o‘rinbosari Diyor Imomxo‘jayev “Tezkor studiya” dasturida aytib o‘tdi.
“Karantin qoidalari yumshatilib viloyatlar aro qatnov qayta tiklanadigan bo‘lsa, har bir klub o‘z maydonida o‘yin o‘tkazadi. Bunday bo‘lmagan taqdirda ham PFLda bu borada variant bor.
Mavsumni Toshkent shahri va viloyatida markazlashgan tarzda boshlab turishimiz mumkin. Buning iloji bor, Toshkentda bir nechta stadionlar mavjud. Bundan tashqari viloyatning Olmaliq va Bekobod shaharlaridagi stadionlarda ham o‘ynashga ruxsat berilsa yomon bo‘lmasdi.
Bunda albatta maydon tanqisligi muammo bo‘ladi, chunki o‘yinlardan tashqari har bir klub mashg‘ulot o‘tashi uchun bazalar ham zarur. Shu sabab masalan, poytaxtdagi “To‘qimachi” kabi maydoni yaxshi o‘yingohlardan mashg‘ulot markazi sifatida foydalanishga majbur bo‘lishimiz mumkin. 14 ta jamoaga maydon topib berishning o‘zi bo‘lmaydi.
Bu bir jihatdan foydali ham bo‘ladi: barcha o‘yinlarni jonli tarzda efirga uzatishda yengillik yuzaga keladi”, — deydi Imomxo‘jayev.
Место для вашей рекламы