Dunyoni kutib turgan buyuk tushkunlik. Yangi Zelandiya epidemiyani qanday yengdi? Jahon matbuoti koronavirus haqida

Strategik hujum qurollarini qisqartirish haqidagi bitim qanchalik ahamiyatli?

The Foreign Affairs nashri yadro asrida strategik hujum qurollarini qisqartirish tinchlik garovi ekani haqida yozadi. Sababi bunday bitimning Rossiya va AQSh o‘rtasida imzolanishi yadroviy nizolarning oldini olishda o‘ta muhim, biroq AQSh prezidenti Donald Tramp muddati tugagan mazkur bitimni nega imzolashga shoshilmayotgani ko‘plab savollarni o‘rtaga tashlamoqda.
O‘n yil avval AQSh va Rossiya tomoni “Strategik hujum qurollari – 3” shartnomasini imzolashgan va yadro quroliga zaxirasining 90 foiziga ega bo‘lgan ikki mamlakat qurollanish poygasi avj olib ketishini hamda yangi yadroviy qurollar jangi boshlanib ketishini oldini olganda dunyo hamjamiyati tinch nafas ola boshlagan edi. Ammo hozirda “Strategik hujum qurollari – 3” shartnomasi muddati 2021-yilning fevral oyida tugab borar ekan, bunday shartnomaning kelajagi mavhum bo‘lib qolmoqda. Bu esa AQSh, Rossiya va butun dunyodagi tinchlik uchun xavf tug‘dirmoqda.
Pandemiya bilan bog‘liq vaziyat xalqaro dunyoviy tizim qay darajada mo‘rt ekanini ham ko‘rsatib qo‘ygani yirik hukumatlar uchun belgi bo‘lib xizmat qilishi lozim. Shunday ekan, vaziyatni yanada chigallashtirish va dunyo hamjamiyatini yangi xavflar girdobida qoldiradigan vaziyatni yaxshisi yaratmagan ma’qul. Basharti “Strategik hujum qurollari” shartnomasi muddati uzaytirilmaydigan bo‘lsa, u holda dunyo yangi bir xavf ostida qolishi mumkin.

Oltin tamoyil
Strategik hujum qurollarini kelgusida ham cheklash haqida bitim rasmiy Moskva va Vashington o‘rtasida 1991-yida imzolangan va 2009-yilda muddati tugagan edi. “Strategik hujum qurollari -3”  bitimi esa avval imzolangan mazkur bitimning yangi  2010-yilda imzolangan va 2011-yil fevral oyidan boshlab kuchga kiritilgan bitim asosida yuzaga keladi. Mazkur bitim nafaqat AQSh va Rossiya, balki butun dunyo hamjamiyatlarining mushtarak niyatlarini ham o‘zida mujassam etadi.
So‘nggi o‘n yil mobaynida mazkur bitim yadroviy muvozanatni saqlashga imkon berib keldi. “Strategik hujum qurollarini cheklash -3” bitimi Rossiya va AQSh egalik qilayotgan yadroviy qurollarni kamaytirishga, qurollanish poygasidan tiyilishga sabab bo‘ldi. Bugun esa mazkur bitim ulkan xavf ostida qolmoqda.
Mazkur bitim natijasida 2018-yilda harbiy kallaklar uchdan bir qismga, ularni manzilga yetkazish uchun xizmat qiladigan raketalar va harbiy samolyotlar miqori 50 foizga kamaydi. Bitimga muvofiq AQSh va Rossiya tarafi 700 ta tashuvchi vositalarga va 1 550 ta harbiy kallakga egalik qilishi belgilandi. Bitim strategik qurollarni zamonaviylashtirishni taqiqlamagan bo‘lsa-da, ikki mamlakat egalik qiladigan harbiy kallaklar 1 550 tadan oshmasligi belgilandi. Shu tariqa strategik muvozanat saqlab turiladi va bir mamlakatning hujum tizimi ikkinchisinikidan o‘zib ketmasligi oldi olinadi.
“Strategik hujum qurollari – 3” bitimi tomonlarning harbiy mudofaa tizimida shaffoflikni yuzaga keltirib, o‘zaro tenglik tamoyili hamda manfaatlar muvozanatini yuzaga keltiradi. 2020-yil mart holatiga ko‘ra, amerikalik va rus harbiy mutaxassislari ballistik raketalar, suvosti kemalari va qiruvchi samolyotlar o‘rnatilgan manzillarda 328 ta taftish nazorat ishlarini amalga oshirdi. Shuningdek, taraflar mudofaa tizimlari holati borasida o‘zaro 19 815 marta xabarnomalar bilan o‘rtoqlashdi. Misol uchun, agarda raketa texnik ko‘rikka yuborilayotgan bo‘lsa, taraflar bir-birlarini xabardor qiladi. Shu tariqa ikki tomon ham raketa tizimlarining joriy holati haqida ma’lumotni qo‘lga kiritadi.
Taraflar raketa tizimlari haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lish maqsadida bir yilda ikki marta strategik yadro qurollarining holati, raketalarning uchirilishi sanalari va muddatlari haqida batafsil ma’lumot bilan tanlov asosida fikr almashadi. Bu esa raketalar sinovi haqidagi ma’lumotlarning shaffofligini ta’minlashga xizmat qiladi. Agarda Moskva va Vashington o‘rtasida shartnoma bandlarini bajarish borasida qandaydir bir nizo kelib chiqadigan taqdirda ikki tomon o‘rtasidagi maslahat komissiyasi ish boshlaydi va mavjud nizolarni hal qilishda yordam beradi.
Bunday tizim esa kelgusida yadro kallaklari sonini yanada qisqartirishga imkon beradi va dunyo xavfsizligining asosiy kafolati bo‘lib xizmat qiladi.

Biroq...
Qurollanish borasidagi mazkur bitim 2026-yilga qadar senatning ratifikatsiya qilishi uchun yuborilmasdan ham uzaytirilishi mumkin. Rossiya prezidenti Vladimir Putin mazkur bitim muddatining uzaytirilishi borasida xayrixoh ekanini ta’kidlagan bo‘lsada, janob Tramp bitimni uzaytirishni paysalga solmoqda. “Strategik hujum qurollanish -3” bitimi hozirgi sharoitda muhim bo‘lgan harbiy siyosiy masalalarni hal qilishga imkon bermasa-da, ammo mazkur masalalarni qayta tahlil qilish, bitim bandlarini qayta ko‘rib chiqish uchun imkon bergan bo‘lar edi.
Qurollanish borasidagi mazkur bitim muddati uzaytirilmaydigan bo‘lsa, bu 2021-yilda oldindan ko‘rish imkonini bermaydigan vaziyatni yuzaga keltiradi. Eng yomoni, taraflar bir-birlarining yadroviy qurollari haqida to‘liq ma’lumotga ega bo‘lmay qoladi. O‘zaro ishonch yo‘qoladi. Yadro qurollari miqdori ko‘payadi va eng yomon rivojlanadigan harbiy to‘qnashuvlardan keladigan talafotlar ko‘lamini aniqlashga ortiqcha mablag‘ xarjlanadi.
Bitimnining boy berilishi koronavirusdan aziyat chekayotgan xalqaro hamjamiyat uchun ham yomon belgi. Rossiya va AQSh dunyoning eng yirik yadro quroliga ega bo‘lgan mamlakatlari sifatida yadro quroliga egalik qilishning, ishlab chiqarishning ko‘lamini yarim asrdan buyon tartibga solib kelmoqda. Bugun dunyo pandemiyadan aziyat chekayotgan bir vaziyatda AQSh va Rossiya dunyo hamjamiyati uchun hamkorlik, o‘zaro ishonch borasida dunyo hamjamiyatiga yaxshigina ibrat bolishi mumkin. Yaxshi ibrat esa ikki yirik mamlakat “Strategik hujum qurollari -3” bitimining muddatini uzaytirishdan iborat. Vaziyat qanday rivojlanadi, albatta, hozirda AQSh va Rossiya o‘rtasidagi sovuq munosabatlar davrida biror narsa deyish amrimahol.

Yangi Zelandiya koronavirus muammosini qanday hal qildi?

CNN nashrining yozishicha, Yangi Zelandiya hukumati bir necha hafta ichida koronavirus bilan bog‘liq vaziyatni to‘liq nazoratga oldi va muammoni bartaraf qildi. Bugun 400 ming yangi zelandiyaliklar o‘z ish faoliyatiga qaytdi va mamlakatda koronavirusdan sog‘ayganlar 82 foizni tashkil qilmoqda.
So‘nggi kunlarda Yangi Zelandiyada koronavirus bilan kasallanganlar soni o‘n nafardan oshmayapti. Dushanba kuni butun mamlakat hududida koronavirusga chalinganlik bilan bog‘liq vaziyat bittani tashkil qildi. Yangi Zelandiya Sog‘liqni saqlash departamenti bosh direktori Eshli Blumfild fikriga ko‘ra, mamlakat koronavirusga qarshi kurashda o‘z maqsadiga yetgan va virus bilan kasallanishning yangi holatlari qayerdan kelayotgani haqida to‘liq tasavvurga ega.
Dushnaba kuni Yangi Zelandiyaning 39 yoshli bosh vaziri Jasinda Ardern koronavirus bilan bog‘liq besh haftalik karantin davri mamlakat tarixidagi eng qat’iy cheklovlar amal qilgan muddat bo‘lganini ta’kidladi. Seshanbadan boshlab esa Jasinda Ardern mamlakatda karantin bilan bog‘liq vaziyat yumshatilgani va 400 mingdan ortiq ishchilar o‘z ishlariga qaytishga ruxsat etilgani va mamlakat iqtisodiyoti karantindan avvalgi ko‘lamning 75 foiziga erishgani haqida ma’lumot berdi.
Jons Hopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, Yangi Zelandiyada koronavirus bilan bog‘liq 1 472 ta holat aniqlangan va shundan 19 tasida o‘lim holati qayd etilgan. Mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusdan tuzalganlarning miqdori 1 214 nafarligini va bu raqam kasallanganlarning 82 foizini tashkil qilishini xabar qilgan. Shunga qaramasdan Jasinda Ardern yangi zelandiyaliklarni hushyorlikni qo‘ldan boy bermaslikka chaqirdi.
Yangi Zelandiyaning koronavirusga qarshi kurashda erishgan yutuqlari asosida mamlakatning chet mintaqada joylashgani va mamlakatdan xalqaro  aviaqatnovlar sonining kamligi bilan izohlash mumkin bo‘lsa-da, ammo hukumatning koronavirusga qarshi tezkor aks ta’siri, koronavirusga qarshi testlar ko‘lamining ulkanligi va haqiqiy fan bilan shug‘ullanish tajribasi alohida e’tiborga molik.
Koronavirus bilan bog‘liq ilmiy modellashtirishlar Yangi Zelandiyada ham talafotlar ulkan bo‘lishi ehtimolini ko‘rsatganda, Yangi Zelandiya hukumati koronavirusga qarshi tezkor tadbirlarni joriy etdi. 14-mart sanasida Jasinda Ardern mamlakatga kiruvchilarga ikki haftalik karantin joriy etilishini e’lon qildi. Bu amaliyot garchi mamlakatda koronavirus bilan bog‘liq oltita holat qayd etilishiga qaramasdan tatbiq etildi.
19-mart sanasida hukumat mamlakatga kiruvchilarga taqiq joriy etganda, Yangi Zelandiya allaqachon 28 nafar xorijlik shaxs mavjud edi. 23-mart sanasida hukumat qat’iy karantin rejimini joriy qilganda, mamlakatda koronavirus bilan xastalangan 102 nafar bemor aniqlandi. “Yangi Zelandiya hukumati shu tariqa nafaqat Yangi Zelandiya aholisni, balki Tinch okeani mintaqasi aholisni ham koronavirus bilan bog‘liq mudhish pandemiyadan asray oldi”, — deya ta’kidlaydi bosh vazir Jasinda Ardern.
Mamlakatda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat yaxshilanayotgan bo‘lsa-da, “Colmar Branton” tadqiqot kompaniyasi o‘tkazgan so‘rovlarda qatnashgan 87 foiz yangi zelandiyaliklar hukumatning karantin muddatini yana besh kunga uzaytirish qarorini ijobiy baholadi. Yangi Zelandiyada, shuningdek, kuniga koronavirusga qarshi 8 000 ta test o‘tkazildi. Taqqoslash uchun, Yangi Zelandiyadan aholisi 13 marta ko‘p bo‘lgan Buyuk Britaniyada 719 910 ta test o‘tkazilgan bo‘lsa, Yangi Zelandiyada o‘tkazilgan testlar soni 126 066 tani tashkil qildi.
O‘z chiqishida Ardern xonim Yangi Zelandiyadagi koronavirus bilan bog‘liq faktlarni chog‘ishtirar ekan, boshqa mamlakatlarda koronavirusga chalingan odam 2,5 ta odamga kasallikni yuqtirgan bo‘lsa, Yangi Zelandiyada bu ko‘rsatkich 0,4 tani tashkil qilganini ochiqladi. Otago universiteti epidemiolog professori Maykl Beyker fikricha, Yangi Zelandiyadagi ijobiy holat garovi bu – sifatli fan yondashuvi va mamlakat rahbarining a’lo darajadadagi yetakchilik qobiliyati hamohangligidir.
Yangi Zelandiyada koronavirusga qarshi kurashda samaradorlik ko‘zga tashlanayotgan bo‘lsa-da, avvalgi hayot tarziga qaytishga yana ancha muddat bor. Karantin holati davom etmoqda, ijtimoiy muhofazalanish va yangi zelandiyaliklar imkon qadar uyda qolish tavsiya qilinmoqda. Mamlakatning asosiy iqtisodiy tarmog‘i bo‘lgan sayyohlak tizimi kuchli zarbada qolgan, hamon xorijlik sayyohlarning mamlakatga kirishi borasidagi taqiqlar amal qilmoqda. Avstraliya va Yangi Zelandiya o‘rtasidagi aviaqatnovlarni ochish borasida muzokaralar ketmoqda, ishsizlik darajasi esa 13 foziga yuqorilagani kuzatilmoqda, deb yozadi CNN axborot nashri.

Dunyo hamjamiyatini kutib turgan buyuk tushkunlik

2007–2009-yillardagi iqtisodiy inqirozdan so‘ng yo‘l qo‘yilgan siyosiy xatoliklar shundoq ham jahon iqtisodiyoti to‘la bo‘lgan nomutanosibliklar va xavflarni yanada chuqurlashtirib yubordi. Hukumatlar esa moliyaviy inqiroz sabab ochilib qolgan darzlarni tizimli ravishda hal qilishga yondashmadi. Vaqtida hal qilinishi talab qilingan muammolar keyinga surildi.
Bugun yana dunyo iqtisodiyoti inqirozni boshdan kechirar ekan, jahon iqtisodiyotiga xavf tug‘dirayotgan tahdidlar yanada keskinlashadi va dunyo keyingi o‘n yillikda “buyuk depressiya”ni boshidan kechiradi, deb yozadi nufuzli nashrlardan biri The Project Syndicate nashri. Maqola muallifi Nuriel Rubini fikricha kutilayotgan depressiyaning eng mudhish o‘n belgisi mavjud.
Birinchi belgi hukumatlarning budjet defitsiti muammosi va unga yo‘ldosh bo‘lgan qarzdorlik va defolt muammosi. COVID-19’ga qarshi chora sifatida milliy hukumatlar budjet defitsitini yuzaga keltiradigan qarorlar qabul qilmoqda. Ayrim mamlakatlarda davlat qarzi hajmi esa to‘lab bo‘lmas darajaga kelib qolgan.
Eng yomoni esa oilalar va kompaniyalarning daromadlaridan ayrilgani xususiy sektor qarzining oshishiga olib keladi. Natijada, ommaviy kuzatiladigan defolt va bankrotlik holatlari sodir bo‘ladi. Davlat qarzlarining o‘sishi manzarasida bunday vaziyat iqtisodiyotni 10 yil avvalgi inqirozdan ham og‘ir kechishiga ishora.
Ikkinchi omil bu rivojlangan mamlakatlardagi demografik vaziyat bilan bog‘liq. COVID-19 pandemiyasi hukumatlarga sog‘liqni saqlash sohasiga ko‘proq mablag‘ ajratish lozimligini, chunki bu eng zaruriy soha ekanini ko‘rsatib qo‘ydi. Ammo rivojlangan mamlakatlarda aholining aksar qatlami keksayib borayotgan qatlam ekani inobatga olinsa, bu sohaga kelajakda ko‘proq mablag‘ ajratish sog‘liqni saqlash va ijtimoiy sug‘urta sohasini yetarli darajada moliyalanmasligi bilan bog‘liq maxfiy qarzlarni paydo qiladi.
Uchinchi muammo deflyasiya xavfining ko‘tarilishi bilan bog‘liq. Bugungi inqiroz nafaqat chuqur resessiyani yuzaga keltirdi, shuningdek, bozorlarda ortiqcha mahsulotning to‘planib qolishiga (mashinalar), mehnat bozoridagi ishsizlik, neft va sanoat metallari narxlarining keskin tushib ketishiga sabab bo‘ldi. Bu esa qarzdorlik deflyasiyani paydo qiladi va qarzni to‘lay olmaslikka sabab bo‘ladi.
To‘rtinchi muammo – valyutalar qiymatining qadrsizlanishi. Markaziy banklar deflyasiyaning salbiy ta’sirini kamaytirishga urinadilar va qarzlar miqdorining ortib ketishi bilan bog‘liq vaziyatda foiz stavkalarini keskin ko‘tarilishini oldini olishga harakat qiladilar. Shu sababdan monetary siyosat noan’anaviy tus oladi va havflarga to‘la bo‘ladi. Qisqa muddatli istiqbolda esa inqiroz va deflyasiyaning oldini olish uchun hukumatlar budjet taqchilligini monetizasiya qilishga to‘g‘ri keladi. Ammo proteksionist siyosatining qaytadan tiklanishi stagflyasiyani yuzaga keltiradi.
Beshinchi muammo – raqamli iqtisodiyotdagi keng va keskin o‘zgarishlar. Millionlab insonlar o‘z ishidan ayrilayotgan yoki kam ishlab topayotgan bir sharoitda XXI asr iqtisodiyotida daromadlar va boyliklar o‘rtasidagi farq juda katta bo‘ladi. Ishlab chiqarish zanjirlari uzilishi oqibatida biznes zavodlarini o‘zlarining mintaqalariga ko‘chira boshlaydi. Biroq bu ishlab chiqarishning yanada avtomatlashtirilishiga, ish haqlari miqdorining pasayishiga olib keladi. Natijada, populistik siyosat, millatchilik va ksenofobiya yuzaga keladi.
Deglobalizatsiya esa oltinchi muammodir. Pandemiya esa jahon iqtisodiyotining bir-biridan uzilish jarayonini tezlashtirdi. AQSh va Xitoy o‘rtasidagi aloqalar uzilishi yanada tezlashadi. Aksar mamlakatlar buning ta’sirida o‘z iqtisodiyotlarini proteksionizm siyosati bilan himoya qilishga urinadi. Pandemiyadan so‘ng tovarlar, xizmatlar, kapital, ishchi kuchi, texnologiyalar va axborot almashish borasida siyosat keskinlashadi. Ayni paytda oziq-ovqat, dori-darmon kabi mahsulotlarning eksporti proteksionist siyosati natijasida ancha kamaydi.
Bu esa o‘z navbatida demokratiyadan norozilik kayfiyatini yuzaga keltiradi. Bunday vaziyatda esa liberal populistlar yaxshigina foydalanib qoladi. Sababi ular ishsizlik sonining o‘sishi, zaif iqtisodiyot va tengsizlikning kuchayishidan manfaatdor.
AQSh va Xitoy o‘rtasidagi geostrategik qarama-qarshilik – sakkizinchi muammo. Sababi AQSh prezidenti COVID-19 pandemiyasi uchun bor mag‘zavani Xitoyga ag‘darishga harakat qilar ekan, Xitoy tomoni ham AQSh-Xitoy iqtisodiyotining tinch rivojlanishiga to‘sqinlik qilmoqda degan siyosatni yurgizishda faollashadi. Savdo-sotiq, texnologiyalar, sarmoyalar, axborot almashinuvi borasida AQSh va Xitoy munosabatlari uzoqlashish kuzatiladi.
Eng yomoni esa AQSh bir tarafda, Xitoy, Rossiya, Eron va Shimoliy Koreya ikkinchi tomonda, yangi sovuq urushning boshlanishidir. AQShda navbatdagi prezidentlik saylovlari boshlanish arafasida ekan, yangi kiber hujumlar turli xil nizo va istiloflarni yuzaga chiqaradi.
O‘ninchi muammo esa ekologik o‘zgarishlar. COVID-19 sharoitida yuzaga kelgan iqtisodiy tartibsizlik moliyaviy inqirozdan ham og‘irroq inqirozlarga olib keladi. 1980-yillarda avj olgan VICH, 2003-yildagi SARS, 2009-yildagi H1N1, 2011-yildagi MERS va 2014–2016-yillardagi ebola kabi epidemiyalarning muntazam ravishda takrorlanishi iqlim o‘zgarishi kabi falokatlarga olib keladi. Bu eng avvalo tibbiy sanitariya standartlarining sifatsizligi, tabiiy boyliklarni suiiste’mol qilish va globallashgan dunyoda munosabatlarning chambarchas bog‘liqligi bilan ham izohlanadi. Kelgusida iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq muammolar hukumatlar uchun og‘riqli, qimmatga tushadigan jarayonga aylanadi.
Bunday tahdidlarni COVID-19 pandemiyasidan oldin ham kuzatish mumkin edi. COVID-19 esa bu muammolar dunyo hamjamiyatini og‘ir kechadigan o‘n yillikka mahkum ekanini yanada tezlashtirib yubordi. 2030-yillarga borib taraqqiy etgan texnologiyalar va oqilona siyosiy rahbarlik bu muammolarning salbiy ta’sirlarini yo‘qqa chiqarishi yoki kamaytirishi mumkin. Baxtli yakun esa xalqaro hamjamiyatning qanchalik bir-biri bilan hamkorlik qilishiga bog‘liq bo‘lib qoladi.
Место для вашей рекламы