Toshkent davlat yuridik universitetida Xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik fakulteti tashkil etiladi

Prezident farmoniga muvofiq, Toshkent davlat yuridik universiteti yurisprudensiya mutaxassisligi bo‘yicha yuridik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash bo‘yicha bazaviy oliy ta’lim va ilmiy-metodik muassasa etib belgilandi. Bundan tashqari, TDYUda Xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik fakulteti tashkil etiladi. “Gazeta.uz” ushbu yo‘nalishda kadrlarni tayyorlash bo‘yicha ekspertning fikrlarini o‘rgangan.
TDYU Xalqaro huquq va inson huquqlari kafedrasi mudiri, yuridik fanlar doktori Dildora Umarxonova yuridik ta’lim sohasida mavjud muammolar, turli davlatlar huquqini tadqiq qilish markazlari tashkil qilinishidan ko‘zlangan maqsad hamda yangi fakultet ochilishining sabablari haqida ma’lumot bergan.
Bugungi kunda yuqori malakali mutaxassis-huquqshunoslarni tayyorlash va mamlakatda yuridik fanni rivojlantirishga to‘sqinlik qilayotgan qator tizimli muammo va kamchiliklar mavjud. Shulardan biri, zamonaviy talablarga javob beradigan va ilg‘or xalqaro yuridik tajriba ega bo‘lgan yuqori malakali kadrlar tayyorlashdir. Bu kabi masalalari qabul qilingan farmonda yuridik ta’lim va fanni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida belgilanishi bejiz emas.
Bu kabi ustuvor yo‘nalishlariga erishish yo‘lida yurisprudensiya mutaxassisligi bo‘yicha yuridik kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash bo‘yicha bazaviy oliy ta’lim va ilmiy-metodik muassasasi sifatida Toshkent davlat yuridik universiteti zimmasiga juda katta mas’uliyatli ish yuklatildi. Xususan, xorijiy davlatlar oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni o‘rnatish, xorijiy huquqni o‘rganish va tadqiq etish markazlarini tashkil etish hamda ularning faoliyati samaradorligini oshirish kabilar.
Ma’lumki, 2005-yildan beri Toshkent davlat yuridik universitetida Nagoya universiteti (Yaponiya) bilan hamkorlikda tashkil etilgan Yapon huquqini tadqiq qilish markazi faoliyat yuritib keladi. Mazkur markazning faoliyati davomida yuzlab talabalarimiz Yaponiyada tahsil olib qaytish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bularning orasida ko‘plari magistratura va doktoranturani o‘qib qaytib, mamlakatimizning davlat organlarida va boshqa bir qancha tashkilotlarda faoliyat yuritayotgan bo‘lsalar, yana boshqalari esa Yaponiya universitetlarida professor, Yaponiya kompaniyalarida yetakchi xodim sifatida ishlab kelmoqda.
Farmonda ko‘rsatilgan 2020-yilda Regensburg universiteti (Germaniya Federativ Respublikasi) bilan hamkorlikda tashkil etiladigan Nemis huquqi va qiyosiy-huquqiy tadqiqotlar markazi ham mana shunday ko‘plab talabalarimizga nemis tili va huquqini o‘rgatib, kelgusida Germaniyada ta’lim olish va o‘z bilimlari hamda dunyoqarashlarini oshirish imkoniyatini yaratib beradi.
Bundan tashqari, shuni ham alohida ta’kidlab o‘tishimiz joizki, bunday markazlarning mavjud bo‘lishi yurtimizning investitsion jozibadorligini ham oshirmay qolmaydi. Chunki Germaniya va Yaponiya bugungi kunda mamlakatimizning eng yaqin hamkorlaridan biridir. Ushbu mamlakatlardan kirib keladigan yirik investitsion kompaniyalar yurtimizda qonunlarga muvofiq erkin faoliyat yurita olishlari uchun O‘zbekiston qonunchiligini va jamiyatini yaxshi biladigan hamda ushbu bilimlarni yapon va nemis investorlariga yetkazib bera oladigan yuridik kadrlarga ehtiyoj sezadi.
Biz bu bilan to‘xtab qolganimiz yo‘q. Buyuk Britaniya va Xitoy davlatlari oliy ta’lim muassasalari bilan ham ushbu mamlakatlarning qonunchiligini o‘rganish yuzasidan hamkorlik aloqalarini o‘rnatish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda. Natijada ingliz va xitoy huquqini o‘rganish markazlarini tashkil etish masalasi kun tartibida turibdi.
Farmonga ko‘ra, universitetda Xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik fakulteti tashkil etildi. Mazkur fakultet ham yuqorida aytib o‘tilgan markazlar bilan hamkorlikda faoliyat olib borishi talabalarimizning bilimlarini yanada yaxshilashga, xorijiy huquq va huquqiy tizimlarni qiyosiy tadqiq qilishga imkon yaratadi.
Shular qatorida, xorijiy davlatlarning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan tizimli asosda stajirovka, professor-o‘qituvchilar tarkibi va talabalar almashinuvini tashkil etish ham asosiy vazifalardan biri sifatida belgilandi. Ushbu fakultetda o‘qigan talabalar nafaqat milliy qonunchiligimizni, balki xorijiy huquqni o‘rganish markazlarida tadqiq etgan chet el qonunchiligini va huquqiy tizimini ham o‘rganib, xorijiy mamlakatlarning yuksak tajribalarini milliy qonunchiligimizga kiritish va xalqimiz manfaatlarini himoya qiluvchi adolatli qonunlarni ishlab chiqishda, kelgusida o‘z hissalarini qo‘shadi.
Farmonda belgilangan bir qator vazifalardan kelib chiqib, yangi tashkil etilgan fakultet negizida xorijiy ta’lim muassasalari va xalqaro tashkilotlar bilan huquq sohasida qo‘shma tadqiqot, o‘quv-ta’lim va boshqa loyihalarni tashkil etiladi hamda o‘quv jarayonga xorijiy oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari tarkibi faol jalb etiladi. Bu esa xalqaro maydonlarda O‘zbekiston manfaatlarini himoya qiluvchi yuqori malakali mutaxassis-huquqshunoslarni tayyorlash uchun zamin yaratadi.
Dildora Umarxonova, yuridik fanlar doktori
Место для вашей рекламы