O‘zbekistonda koronavirusdan tuzalganlar soni 1000 nafardan oshdi

Buxoro viloyatida koronavirusga chalingan navbatdagi 11 nafar bemor 29-aprel kuni to‘liq sog‘aydi. O‘zbekistonda mazkur kasallikdan tuzalganlarning umumiy soni 1005 nafarga yetdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Buxoroda shifo topganlarning barchasi Rossiyadan charter reys bilan Buxoroga olib kelingan va karantinga olingan. Koronavirus infeksiyasi tasdiqlangach, ular shifoxonaga joylashtirilgan.
Ularning barchasi erkak bo‘lib, 4 nafari Qashqadaryo viloyatidan, 3 nafari Toshkent shahridan, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Namangan viloyatida yashovchi 2 nafardan fuqaro ham tuzalgan. Ular orasida eng kattasi 57 yoshda bo‘lsa, eng kichigi 16 yoshda.
Shu tariqa, Buxoro viloyati bo‘yicha shu paytga qadar COVID-19’dan sog‘aygan bemorlar soni 300 nafarga yetdi.
Eslatib o‘tamiz, 28-aprel kuni O‘zbekistonda ilk bor koronavirusdan sog‘ayganlar soni (992 nafar) ayni vaqtda koronavirus infeksiyasidan davolanayotganlar sonidan (939 nafar) oshib ketdi.
O‘zbekistonda 29-aprel soat 10:00 holatiga ko‘ra, koronavirus infeksiyasini yuqtirib olganlar soni 16 kishiga ko‘payib, 1955 nafarga yetdi. O‘zbekistonda 15-martdan buyon koronavirusga chalingan bemorlarning sakkiz nafari vafot etgan.
Место для вашей рекламы