Ispaniyalik olimlar mamlakatga koronavirusni olib kirgan eng birinchi bemorni aniqlash imkonsizligini ma’lum qildi

Ispaniyada koronavirus tarqalishiga sababchi bo‘lgan eng birinchi bemorning yo‘qligi va kasallikning fevral oyidayoq mamlakatga kirish xavfi bo‘lgani aniqlandi. Bu haqda Madriddagi Karlos III salomatlik instituti olimlari ma’lum qildi, deb yozmoqda El Pais.
Ispaniyalik olimlar SARS-CoV-2 genomlarini o‘rganib, unda uch guruhga mansub viruslar: S, G va V borligi — ular Ispaniyada tarqalganini aniqlagan. Irsiyat bo‘yicha ma’lumotlar S guruhiga mansub virus Ispaniyada fevral boshida paydo bo‘lganini, u Valensiyada olingan tahlillarda uchrashini ko‘rsatgan. Bundan tashqari, Madriddagi holatlarning qariyb yarmida G guruhiga mansub virusni yuqtirish holatlari uchragan.
Virusolog Xose Alkamining so‘zlariga ko‘ra, virusning mamlakatda bu qadar keng miqyosda tarqalgani eng birinchi infeksiya tashuvchining kim bo‘lganini aniqlashda qiyinchiliklar tug‘diradi.
Jons Hopkins universiteti bergan ma’lumotlarga ko‘ra Ispaniya yangi turdagi koronavirus infeksiyasini yuqtirib olganlar soni bo‘yicha kuchli uchlikda bormoqda.
Mart oyi oxirida Ispaniyada COVID-19’dan vafot etganlar soni 3,4 mingdan oshgan, kasallikning asosiy o‘chog‘i Xitoyda shu vaqtda 3281 kishi koronavirusda o‘lgani ma’lum qilingandi. Aprel boshida Ispaniya kasallanganlar soni bo‘yicha Italiyadan o‘zib ketdi.
24-aprel holatiga ko‘ra Ispaniyada mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi bergan ma’lumotga muvofiq epidemiya boshlanganidan beri jami 219 764 nafar fuqaroda koronavirus infeksiyasi aniqlangan. Kasallikdan tuzalganlarning umumiy soni 92 355 nafarni, infeksiyadan vafot etganlar esa 22 524 nafarni tashkil qilgan.
Место для вашей рекламы