Qozog‘istonda qor yog‘ishi kutilmoqda. Bu O‘zbekiston ob-havosiga ta’sir qiladimi?

Shu kunlarda OAVda yaqin ikki kun ichida Qozog‘istonda ob-havoning keskin o‘zgarishi to‘g‘risida xabarlar tarqaldi. O‘zbekiston Gidrometeorologiya xizmati buning O‘zbekiston ob-havosiga ta’siri bor-yo‘qligiga aniqlik kiritdi.
Qayd etilishicha, 24—25-aprel kunlari Qozog‘istonning g‘arbiy qismlari Rossiyaning Yevropa hududlaridan kirgan juda faol atmosfera fronti ta’sirida bo‘ladi. Sovuq front o‘tishi natijasida Qozog‘iston Gidrometeorologiya xizmati mutaxassislari mamlakatning g‘arbiy tumanlarida yomg‘ir va qor ko‘rinishidagi yog‘ingarchiliklar, 23-28 metr/sekundgacha kuchli shamol va haroratning sovib ketishini prognoz qilmoqda.
Qozog‘istondan o‘tayotgan oqim juda kuchsiz ko‘rinishda O‘zbekistonning faqat shimoli-g‘arbiy hududlariga ta’sir qiladi. 23-aprelda Qoraqalpog‘iston hududiga, 24-aprelda esa Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatining ayrim joylariga yomg‘ir yog‘adi, shamolning tezligi sekundiga 15-20 metrga yetadi, harorat kechasi 7-12, kunduzi 17-22 darajagacha pasayadi.
24-aprel kechga borib Buxoro va Navoiy viloyatlarida yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq bo‘lishi mumkin, shamolning tezligi kuchayib, sekundiga 15-20 metrga yetadi, 25-aprelda esa Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarida va O‘zbekistonning janubiy hududlarida yomg‘ir yog‘adi. 25-aprelda kunduzgi harorat 20-25 darajagacha pasayadi.
Biroq, ta’kidlanicha, bu jarayon Qozog‘iston bo‘yicha ob-havoning keskin o‘zgarishi bilan bog‘liq emas, bu Turkmaniston hududidan kirayotgan nam havo oqimi natijasidir. Mutaxassislar yaqin kunlarda ob-havoning keskin o‘zgarishi kutilmayotganini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston hududiga 7—9-aprel kunlari Volgabo‘yi tumani (Astraxan) orqali Rossiyaning Yevropa hududi (Moskva viloyati) ustida shakllangan nam va sovuq havo oqimlari kirib kelganda, shamol tezligi kuchayib, ba’zi joylarda qor yog‘gandi.
Место для вашей рекламы