AQSh Kongressi inqirozga qarshi qariyb 500 mlrd dollarlik yordam dasturini ma’qulladi

AQSh Kongressi koronavirus pandemiyasi sabab iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlashga 484 milliard dollar ajratish to‘g‘risidagi dasturni ma’qulladi, deb xabar beradi The New York Times.
Ta’kidlanishicha, avvalroq AQSh Senati ham ushbu loyihani ma’qullagan.
Qonun loyihasiga ko‘ra, 320 milliard dollarga yaqin mablag‘ kichik korxonalarga yordam berish maqsadida yaratilgan Paycheck Protection Program (PPP) kreditlash dasturini moliyalashtirishga yo‘naltirish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, 75 milliard dollar shifoxonalarga, yana 25 milliard dollar koronavirus bo‘yicha testlar dasturini kengaytirishga ajratiladi.
Kongress tomonidan ma’qullangan qonun loyihasi AQSh prezidenti Donald Trampga taqdim etiladi.
Mart oyining oxirlarida AQSh Senati koronavirusga qarshi 2 trillion dollarlik yordam dasturini ma’qullagani to‘g‘risida xabar qilingandi. AQSh g‘aznachiligi esa pandemiya sharoitida fuqarolarga moddiy yordam tariqasida tarqatiladigan cheklarda mamlakat prezidenti Donald Trampning ismini ko‘rsatish bo‘yicha topshiriq bergan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirus sababli yuzaga keladigan iqtisodiy muammolarga qarshi kurashish uchun Inqirozga qarshi jamg‘arma tuzilib, unga 10 trillion so‘m ajratilishi ma’lum qilingan. Koronavirus sababli zarar ko‘radigan sohalardagi korxonalarning kredit muddatlarini uzaytirish, turistik yig‘imlar undirishni vaqtincha to‘xtatish bo‘yicha choralar ko‘rilgan. Shuningdek, jismoniy shaxslar va YaTTlarning kredit to‘lovlarini qaytarishda ham imtiyozlar berildi.
Место для вашей рекламы