Rossiyada koronavirus qurbonlari soni 555 kishiga yetdi. Kasallanganlar soni 63 ming kishiga yaqinlashdi

23-aprel holatiga ko‘ra, Rossiyaning 81 mintaqasida koronavirus bilan kasallanish bo‘yicha yana 4774 ta holat qayd etildi. Bu haqda mamlakatning koronavirusga qarshi kurashish bo‘yicha tezkor shtabi xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, butun mamlakat bo‘ylab COVID-19 bilan kasallanganlar soni 62 773 kishiga yetgan.
Ta’kidlanishicha, ketma-ket ikkinchi kun kasallikka yangi chalinayotganlar soni kamaymoqda: 21-aprel kuni ularning soni 5642 kishini tashkil etgan bo‘lsa, 22-aprel kuni — 5236 kishi edi.
Koronavirusni yuqtirib olish holatlari, asosan Moskva (o‘tgan bir sutka ichida 1959 kishi), Moskva viloyati (668 kishi), Peterburg (191 kishi), Murmansk viloyati (97 kishi), Yamal-Nenetsk avtonom okrugi (94 kishi), Nijegorodsk (73 kishi) hamda Rostov viloyatlari (71 kishi).
O‘tgan bir sutka ichida COVID-19 tashxisi qo‘yilgan 42 bemor vafot etgan. Rossiyada koronavirus pandemiyasi tarqala boshlaganidan buyon 555 kishi kasallik qurboniga aylandi. Jami 4891 kishi (o‘tgan bir sutka ichida 471 kishi) kasallikdan davolanishga muvaffaq bo‘lgan.
Butun mamlakat bo‘ylab koronavirus infeksiyasini aniqlash uchun 2,4 milliondan ortiq laboratoriya tadqiqotlari o‘tkazilgan.
Avvalroq Rossiyada koronavirusga chalinganlar soni 58 ming kishidan, vafot etganlar soni esa 500 kishidan oshgani haqida xabar berilgan edi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyada COVID-19 tashxisini qo‘yuvchi 17 ta test davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya tarkibidagi Shimoliy Osetiya poytaxti Vladikavkaz shahrida izolyatsiya rejimi sababli qiyin ahvolda qolgan aholi 20-aprel kuni ommaviy norozilik o‘tkazdi.
Место для вашей рекламы