“Tangem” o‘zi ishtirokidagi 3 mln dollarlik yangi serialni O‘zbekiston xalqiga sovg‘a qildi

O‘zbekistonning Koreyadagi turistik brend elchisi, mashhur “Saroy javohiri” teleserialidagi Tangem roli ijrochisi Li Yon E o‘zi ishtirokidagi yangi serialni O‘zbekistonga hadya qildi. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi matbuot xizmati “Muzlik.Uz”ga xabar berdi. 
Qayd etilishicha, O‘zbekistonning Janubiy Koreyadagi elchixonasida aktrisa Li Yon E hamda GroupEight kompaniyasi raisi Byong Jun Song bilan uchrashuv bo‘lib o‘tgan.
Uchrashuvda aktrisa butun dunyodagi koronavirus bilan bog‘liq pandemiya sabab aprel oyida O‘zbekistonga kela olmasligini afsus bilan qayd etib, COVID-19 bilan bog‘liq vaziyat normallashganidan so‘ng prodyuser Byong Jun Song bilan, albatta, mamlakatga tashrif buyurishini ma’lum qilgan. Aktrisa O‘zbekistonning boy madaniy merosi va diqqatga sazovor maskanlari bilan yaqindan tanishishni maqsad qilgani, shuningdek, mamlakat turistik brendini targ‘ib qilishda davom etishini alohida ta’kidlagan.
Uchrashuv davomida Li Yon E O‘zbekiston xalqiga o‘zi bosh rolni ijro etgan “Saimdan, rang-barang xotiralar” nomli teleserialini hadya qilgan. Aktrisa ushbu serial ayni damda aksariyat vaqtini uyda o‘tkazayotgan O‘zbekiston aholisiga vaqtni mazmunli o‘tkazishiga yordam beradi, — deya umid bildirgan.
“Davlat rahbari tashabbusi bilan xorijiy mamlakatlarda O‘zbekistonning turizm elchisi lavozimiga chet ellik mashhur siyosiy, madaniy, sport va ishbilarmon doiralari vakillari tayinlanib kelmoqda. Bunday shaxslarning turizm targ‘ibotiga jalb qilinishi yurtimizga keladigan xorijiy sayyohlar oqimini oshirish yo‘lida xizmat qiladi. Xorijiy mamlakatlardagi turistik brend elchilarining hozirgi pandemiya sharoitida O‘zbekiston va uning xalqiga bunday e’tiborni namoyon etishi, albatta, tahsinga sazovordir”, —  deydi Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov.
Ma’lumot uchun, “Saimdan, rang-barang xotiralar” Janubiy Koreyaning 30 seriyali dramasi bo‘lib, koreyalik mashhur musavvir, xattot va shoira Shin Saimdan (1504—1551) hayoti va faoliyati haqida hikoya qiladi.
Koreya respublikasining 50 000 von nominalli eng yirik banknotasida uning tasviri aks ettirilgan. Mazkur serial 2017-yilda Janubiy Koreyaning “SBS” telekanalida efirga uzatilgan. Shundan so‘ng Xitoy, Yaponiya, Singapur, Malayziya, Tailand va boshqa mamlakatlar telekompaniyalari uni o‘rtacha 3 million AQSh dollari evaziga translyatsiya qilish huquqini qo‘lga kiritgan.
Место для вашей рекламы