Qozog‘istonda karantin cheklovlarini yegillashtirish boshlandi

Qozog‘istonda koronavirus pandemiyasi sabab joriy etilgan karantin choralari boqichma-bosqich yengillashtiriladi, biroq shunda ham sanitar-epidemiologik xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilinadi. Bu haqda mamlakat bosh vaziri Asqar Maminga tayanib, “RIA Novosti” xabar berdi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Qozog‘istonda koronavirus bilan kasallanish bo‘yicha 1949 ta holat qayd etilgan bo‘lib, 19 kishi virus oqibatida vafot etgan. Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev 16-aprel kuni joriy etilgan favqulodda holat rejimini aprel oyining oxiriga qadar uzaytirgan edi.
“20-apreldan boshlab Nur-Sulton va Olmaotada karantin rejimi yengillashtiriladi, sanoat korxonalari, qurilish sohasi va ayrim xizmat ko‘rsatish tarmoqlari o‘z faoliyatini qayta yo‘lga qo‘ydi. Hozirda ular o‘z faoliyatini boshlab yubordi. Epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib, karantin rejimini bosqichma-bosqich yumshatib boramiz, boshqa korxonalar va biznes subyektlariga ham ishlashiga ruxsat beramiz”, — deydi bosh vazir.
Shuningdek, Asqar Maminning ta’kidlashicha, respublikaning boshqa hududlarida ham xuddi shu kabi ishlar amalga oshiriladi. Shunga qaramay, sanitar-epidemiologik xavfsizlikka qat’iy rioya qilinishi kerak.
Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev 20-aprel kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda koronavirus aniqlanmagan hududlarda karantin cheklovlarini bosqichma-bosqich yumshatish yuzasidan topshiriq bergan edi. Respublika maxsus komissiyasi tomonidan koronavirus infeksiyasi keng tarqalishining oldini olish maqsadida hozirga qadar joriy etilgan barcha cheklovlar 2020-yilning 10-mayiga qadar uzaytirilgan.
Место для вашей рекламы