Avstraliyada ikki yil oldin okeanga cho‘kib ketgan bir juft Chevrolet Silverado suvdan chiqarib olindi

Qariyb ikki yil oldin YM Efficiency yuk tashuvchi kemasi tomonidan Avstraliya qirg‘oqlari yaqinida suvga tushib ketgan 80 ta konteynerning ikkitasini ichidan bir juft Silverado pikapi topildi, deb xabar beradi Autorambler.
2018-yili avtomobillar AQShda kemaga ortilgan va Avstraliyaga jo‘natilgan. Newscastle Herald ma’lumotlariga ko‘ra, ikki yil oldin pikaplarning har birining narxi (yetkazib berish bilan) 150 ming Avstraliya dollari (91 ming AQSh dollari) turgan.
Avstraliya dengiz xavfsizligi xizmati tomonidan taqdim etilgan suratlarga ko‘ra, okean ostidan olib chiqilgan Silverado’ga Duramax dizel dvigatellari o‘rnatilgan.
“Tabiiyki, falokat avtomobillarga jiddiy zarar yetkazgan. Oynalari singan — ikki yil suv ostida bo‘lgani sabab mashina ichi chirib ketgan”, — deyiladi xabarda.
Suv ostidan chiqarib olingan boshqa konteynerlar ichidan shinalar, po‘lat va mis plastinalar hamda boshqa materiallar topilgan, ularning barchasi qayta ishlashga yuboriladi. Pikaplar ham qismlarga ajratib tashlanadi.
Aprel oyining oxirlarida Avstraliya dengiz xavfsizligi xizmati cho‘kib ketgan yana 62 ta konteynerni suv ostidan olib chiqadi. Konteynerlarni suvdan chiqarib olish, ularni tozlash va ajratish mamlakat hukumati uchun qariyb 10 million AQSh dollariga tushadi.
Место для вашей рекламы