O‘zbekiston
yangiliklari

Sifatsiz internet, yakuniy va kirish imtihonlari taqdiri hamda kechikkan stipendiya - OTV mutasaddilari bilan suhbat

Sifatsiz internet, yakuniy va kirish imtihonlari taqdiri hamda kechikkan stipendiya - OTV mutasaddilari bilan suhbat
SIYOSAT
20:42, 19 апрель 2020
141
0

Onlayn darslarda qatnasholmagan yoki uni o‘zlashtirolmagan talabalar kursdan-kursga qoldirilishi yoki talabalar safidan chetlashtirilishi mumkin emas. Talabalarga karantin muddati tugashiga qarab fanlarni o‘zlashtirishga qayta imkoniyat beriladi.

Karantin tartibi davom etar ekan, Kun.uz saytiga oliy ta'lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalardan turli savollar kelib tushmoqda.
Kun.uz muxbiri Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri o‘rinbosari Sarvar Buzrukxonov va boshqarma boshlig‘i Abduvali Xoliqov bilan onlayn tarzda suhbat tashkil qildi hamda ushbu savollarga javob oldi.

— Ayrim talabalar karantin munosabati bilan o‘qish shartnoma pulini to‘lash muddati uzaytirilgani borasida savol berishmoqda.
Haqiqatdan ham bu muddat uzaytirilganmi va agar uzaytirilgan bo‘lsa, u kimlar uchun?
 
Sarvar BuzrukxonovTalabalar pandemiya sababli karantinga chiqqan vaqtida shartnoma pullarini to‘lash muddatini uzaytirish bo‘yicha vakolat rektorlarning o‘ziga berilgan.
Talaba karantin vaqtida talabalar safidan chiqarilmaydi.
Shu bilan birga OTM talabalarga shartnoma pullarini onlayn tarzda to‘lash imkoniyatini ham yaratib beryapti.
Biz talabalarni birinchi kursga qabul qilishda shartnoma pulining birinchi yarim yillik to‘lovi muddatini davlat komissiyasi orqali belgilab berdik va uning oxirgi muddati 20 mart qilib belgilangan edi.
Bu faqat birinchi kurslar uchun.
 
—Karantin munosabati bilan o‘tilayotgan onlayn darslarni o‘zlashtirishdan ko‘pchilik talabalar internet sifati pastligi tufayli chetda qolmoqda.
Onlayn darslarni o‘zlashtirolmagan talabalar taqdiri nima bo‘ladi, ularga qandaydir jazo qo‘llanilishi mumkinmi?
 
Abduvali Xoliqov: Biz masofaviy ta'limga o‘tishda barcha sharoitlarni hisobga olganmiz.
Bu hali yangi tizim va yangi tizimga o‘tishda qandaydir nuqtalarda muammolar bo‘lishi tabiiy holat.
Bugungi kunda oliy ta'lim muassasalarida masofaviy ta'lim olishga imkoniyati bor va yo‘q talabalar ro‘yxati tuzilmoqda.
Masofaviy ta'lim olishga imkoniyati yo‘q talabalarga qayta imkoniyat beriladi.
Ushbu darslarda qatnasholmagan yoki uni o‘zlashtirolmagan talabalar kursdan-kursga qoldirilishi yoki talabalar safidan chetlashtirilishi mumkin emas.
Talabalarga karantin muddati tugashiga qarab o‘quv yili oxirida yoki yozgi muddatda grafik asosida fanlarni o‘zlashtirishga imkoniyat beriladi.
 
— Karantin tartibi davom etgan taqdirda talabalarni bitiruv malakaviy ishini topshirishi qanday tartibda amalga oshiriladi?
Abduvali Xoliqov: Bizda yakuniy davlat attestatsiyalarini o‘tkazish bo‘yicha me'yoriy hujjat bor. Unda bakalavr bosqichini bitirayotgan talabalarning bitiruv malakaviy ishi qilishga majbur emasligi belgilangan.
Ular davlat imtihonlarini topshirish orqali ham bitirishlari mumkin.
Biz shu tartibdan kelib chiqqan holda,ta'lim muassasalariga talabalardan bitiruv malakaviy ishi o‘rniga mutaxassislik fanlardan onlayn test shaklida yakuniy davlat imtihonlarini olish bo‘yicha ham topshiriq berganmiz.
Talaba karantin muddati tugagach yakuniy bitiruv malakaviy ishi yoki imtihonni topshirishi mumkin.
 
— Abituriyentlar uchun davlat imtihonlari yaqinlashmoqda. Bu jarayon qanday amalga oshiriladi, agar karantin muddati uzayadigan bo‘lsa?
Abduvali Xoliqov: Bu masalada siyosatni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi belgilaydi.
Bugungi kunda bu masala Xalq, Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirliklari hamda Davlat test markazi tomonidan muhokama qilinmoqda va tez kunlarda unga oydinlik kiritiladi.
— Bir muddat avval o‘qituvchilarga ham xizmat ta'tili berilgan edi va bu muddat tugab bormoqda.Ayting-chi, ta'til muddati tugagan o‘qituvchilar ish jarayoniga qaytariladimi yoki ta'til uzaytiriladimi?
 
Abduvali Xoliqov: O‘qituvchilarda o‘quv yili davomida ikki oylik mehnat ta'tili olish imkoniyati bor. 24 kunlik birinchi ta'til muddati yakunlanib bormoqda.
Masofaviy ta'lim joriy qilingani uchun endilikda professor, o‘qituvchilar ishga qaytadi va uyda o‘tirgan holda masofaviy ta'lim berishni boshlaydi.
O‘qituvchilar ta'tilning ikkinchi ta'til muddatini yozda olishlari mumkin.
 
— Oliy ta'lim tizimida mustaqil topshiriqlar: referat, taqdimot, boshqalarni nega faqatgina elektron shaklda qabul qilish mumkin emas? Bu ortiqcha qog‘oz sarfiga sabab bo‘ladi.
Topshiriqlar almashinuvini oddiy elektron pochta orqali qilsa ham bo‘ladi-ku.
 
Abduvali Xoliqov: Bugungi kunda Oliy ta'lim muassasalarida bunday tekshiruvlar qisqartirilgan.
Bu davlat dasturida ham Oliy ta'lim to‘g‘risidagi konsepsiyada ham belgilangan.
Bu kabi masalalarda ta'lim muassasalarini o‘ziga erkinlik berilgan. Hattoki, bu yildan boshlab magistrlik dissertatsiyalari ham elektron shaklda taqdim etiladi. Bunda ilmiy rahbar o‘z taqrizlarini ham elekton shaklda taqdim etadi.
Tan olish kerak har bir tizimda yangiliklarga moslasha olmaydigan insonlar bor va shu jumladan, bizning tizimda ham.
Hozirgi holatda topshiriqlarni qog‘oz variantda so‘rash mantiqsiz va aqlsiz ish.
 
— Talabalar masofadan o‘qishga o‘tgani munosabati bilan OTM o‘qish xarajatlari ham kamaygan bo‘lsa kerak. Shunga mos ravishda, to‘lov kontrakt summasi o‘zgaradimi?
Sarvar Buzrukxonov: Talabalarni o‘qitish xarajatlari deyarli o‘zgargani yo‘q. Chunki bizda masofaviy ta'lim keng joriy qilindi va unga 300 mingdan ortiq talaba jalb qilingan.
Bu yangi tizim va u xarajatlarni ham talab qiladi. Shuningdek, o‘qituvchilarning ish haqi va talabaning stipendiya xarajatlari bor.
Bu yerda bir narsani ochiq aytishim kerak, talabalar ikki oy universitetda bo‘lmagani uchun kommunal xarajatlar kamayadi, lekin bu talabalarni o‘qitish qiymatini kamaytirishga asos bo‘lmaydi.
Avval ham aytilganidek, talabani o‘qitish qiymati bizda o‘qitish xarajatidan kam.
Bazaviy kontrakt o‘qitish xarajatining 68 foizinigina qoplaydi. Shuning uchun hozircha to‘lov-kontrakt summasini kamaytirish masalasi bizda ko‘rilgani yo‘q.
— Oxirgi vaqtlarda talabalarning stipendiyalari va o‘qituvchilarning ish haqi o‘z vaqtida to‘lab berilmayotgani borasida e'tirozli fikrlarni eshitib qolyapmiz. Haqiqatda shunday holat bormi va bunga nima sabab bo‘lmoqda?
 Sarvar Buzrukxonov: Biz karantin davrida stipendiya to‘lanishi lozim bo‘lgan talabalarga stipendiya to‘lab kelyapmiz. Masalan, mart oyi stipendiyalari yoppasiga to‘landi. Aprel oyi stipendiyalarini to‘lash 15 apreldan boshlandi va u ham deyarli yakunlandi.
O‘qituvchilarning oyliklari masalasida, ularga mart oyi ish haqlari 31 mart kuniga qadar to‘lab berilgan. Hozir ularga aprel oyi avanslari to‘lanyapti.
Agar individual tartibda kimgadir stipendiya va ish haqlari to‘lanmay qolgan bo‘lsa bu masalalar ko‘rib chiqiladi.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.

Fikrlar (0)
Fikr bildirish
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив