O‘zbekiston
yangiliklari

Jim Kerridan tortib Bred Pittgacha: Aktyorlik diplomiga ega bo‘lmagan kinoyulduzlar

Jim Kerridan tortib Bred Pittgacha: Aktyorlik diplomiga ega bo‘lmagan kinoyulduzlar
MADANIYAT
20:19, 19 апрель 2020
142
0
“RBK” kino sohasida muvaffaqiyatga erishish uchun, albatta, ushbu yo‘nalish bo‘yicha oliy ma’lumotga ega bo‘lish lozim emasligini o‘z misolida ko‘rsatib bergan aktyorlar haqidagi ma’lumotlar bilan bo‘lishdi.
Jennifer Lourens
“Ochlik o‘yinlari” va “Iks odamlar” filmlarining yulduzi yoshligidan teatrga qiziqqan va maktab davridanoq turli spektakllarda ishtirok etgan. 14 yoshida esa ota-onasiga kelajakda aktrisa bo‘lmoqchiligini ma’lum qilgan. Shundan so‘ng ular qizaloqni Nyu-Yorkka kastingga olib borgan. Bir necha yirik agentliklar qizaloqning iqtidoriga yuqori baho bergan va u tez orada televizion shoularda suratga tusha boshlagan, ko‘p o‘tmay “Bill Engvalning shousi” teleserialida o‘z roliga ega bo‘lgan. Suratga olish ishlarini yakunlash uchun Jennifer Lourens Luisvilldagi maktabini tezda tugatishga majbur bo‘lgan — u o‘z tengdoshlaridan ikki yil oldin maktabni bitirgan. Shunga qaramay, aktrisa mutaxassislik bo‘yicha o‘qimagan. Shunday bo‘lsa-da, u eng ko‘p maosh oladigan hamda to‘rtta yo‘nalish bo‘yicha “Oskar”ga nominant bo‘lgan tarixdagi eng yosh aktrisaga aylandi.

Jim Kerri
Dunyodagi eng mashhur komiklardan birining bolaligi u qadar yoqimli o‘tmagan. Jim Kerrining ota-onasi moliyaviy jihatdan katta qiyinchiliklarga uchragan, oila hatto avtofurgonda yashashga majbur bo‘lgan. 16 yoshida yigitcha maktabni tashlab, shina zavodiga farrosh bo‘lib ishga kirgan. Jimning onasi og‘ir nevrozdan aziyat chekkani vaziyatni yanada murakkablashtirgan. Barcha qiyinchiliklarga qaramay, Kerri doimo ajoyib yumor hissiga ega bo‘lgan. Bo‘sh vaqtida stendap-ssenariylar yozgan, klublarda chiqish qilgan va kastinglarga borgan. Natijada Kerri “Eys Ventura: Uy hayvonlari qidiruvi” komediyasida bosh rolni qo‘lga kiritgan. Aynan ushbu film unga katta mashhurlik olib kelgan. Kerri aktyorlik fakultetida o‘qimagan, biroq unda oliy ma’lumot bor. 52 yoshida u tasviriy san’at doktoriga aylangan.

Jonni Depp
Jonni Depp Gollivudning eng mashhur aktyorlaridan biriga aylanishni rejalashtirmagan. Uning orzusi boshqa bo‘lgan. Jim Kerri kabi Depp ham 16 yoshida maktabni tashlab, hayotini musiqaga bag‘ishlagan. Aktyorning so‘zlariga ko‘ra, ikki haftadan so‘ng, o‘qishni davom ettirmaslik fikriga kelgan. Biroq yigitchaning qiziqishidan boxabar maktab direktorini uni qo‘llab-quvvatlab, musiqiy iqtidorini oshirishni maslahat bergan. Avvaliga shunday ham bo‘lgan, keyinroq Nikolas Keyj Deppga aktyor sifatida o‘zini sinab ko‘rishni taklif etib, uni agenti bilan tanishtirib qo‘ygan. Ko‘p o‘tmay Depp “Vyazov ko‘chasidagi dahshat” filmida suratga tushgan, keyinroq esa rejissor Tim Berton bilan tanishib qolgan. Depp olgan ilk gonorarlarini aktyorlik kursiga sarflagan, biroq kollejda o‘qimagan.

Natali Portman
Natali Portmanning haqiqiy ismi — Neta-Li Xershlag. “Leon” filmining bo‘lajak yulduzi taniqli yahudiy shifokor oilasida tug‘ilgan va oilasini ortiqcha daxmazalardan xalos etish maqsadida tahallus olgan. Yozgi ta’tillarni teatr oromgohida o‘tkazgan, bo‘sh vaqtida esa qunt bilan o‘qib, ilmiy tadqiqotlarda ishtirok etgan va kastinglarga borgan. Kinoda ishlash uchun modellik karyerasidan voz kechgan. Aktyorlik bo‘yicha o‘qish o‘rniga, u Garvardda psixologiya fakultetida ta’lim olishni ma’qul ko‘rgan. “Bu karyeramni barbod qilib yuboradimi yoki yo‘q, menga baribir. Kinoyulduz bo‘lgandan ko‘ra, aqlli bo‘lgan yaxshi”, — deydi Portman. Keyinchalik aktrisa psixologiyadan olgan bilimlari ish jarayonida bir necha bor yordam berganini ta’kidlagan. Yaqinda esa Portman aktyorlik mahorati bo‘yicha onlayn-kursini ochdi.

Bred Pitt
Gollivudning eng mashhur aktyorlaridan biri hisoblanuvchi Bred Pitt o‘rta maktabni tugatgach, Missuri unitersitetiga o‘qishga kirgan. U bir necha yil marketing va jurnalistikani o‘rganib, reklama agentligiga art-direktor bo‘lib ishga kirgan. Shunday bo‘lsa-da, Uilyam Bredli Pitt diplom olmagan. Universitetni bitirishga ikki hafta qolganida, u o‘qishni tashlab cho‘ntagida 325 dollar bilan Los-Anjelesga ketishga qaror qilgan. O‘shanda u to‘liq ismidan voz kechib, Bred Pittga aylangan. Pitt yotoq topish va rejissor Roy Londonning aktyorlik mahorati darslariga pul to‘lash uchun haydovchi, mebel yuklovchi va promouter bo‘lib ishlagan. Unga epizod rollar taklif etila boshlagach, barchasi ortda qolgan. Shundan so‘ng, yosh aktyorning karyerasi cho‘qqiga qarab keta boshlagan.

Xoakin Feniks
Xoakin Feniksning mukofotlari qatoridan ikkita “Oltin globus”, “Gremmi”, Kann va Venetsiya kinofestivallari sovrinlari o‘rin olgan. “Joker” filmidagi roli uchun esa “Oskar” oltin haykalchasini qo‘lga kiritgan. Tomoshabinlarni aktyor o‘z qahramoni tabiatini to‘liq ochib bergani xayratlantirgan. Ushbu roli uchun Xoakin Feniks 24 kilogrammga ozgan va bir necha oy davomida turli xil kulgilarni mashq qilgan. Shunday bo‘lsa-da, 45 yoshli Xoakin aktyorlik bo‘yicha mutaxassislikka ega emas. Feniks mazhabparast oilada tug‘ilgan, shu sababli ukalari va opalari bilan bolaligidan ko‘chalarda yurib pul topishga majbur bo‘lgan. Iqtidorli bolalarni Gollivud agentligi payqab qolib, reklamada suratga tushishga taklif etgan. Aktyor o‘zining ilk epizod rolini sakkiz yoshida o‘ynagan, to‘rt yildan so‘ng esa katta kinoga qadam qo‘ygan.
Fikrlar (0)
Fikr bildirish
Кликните на изображение чтобы обновить код, если он неразборчив