Franchesko Totti: “Roma”dagi vaziyat o‘zgarmas ekan klubga qadam ham bosmayman

“Roma” sobiq hujumchisi Franchesko Totti nima sababdan faoliyatini yakunlashga qaror qilgani haqida gapirdi.
“Men futbol o‘ynashdan to‘xtashni istamagandim. Yaxshi formada edim, nega endi ketishim kerak? Ulardan har safar o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishni so‘ramadim yoki meni maydonga tushirishlariga majbur qilmadim. Klubdagi faoliyatimni buzib qo‘yishni istamadim, shu sabab boshqa jamoada bir yil o‘ynagandan ko‘ra faoliyatimni yakunlab qo‘yishni ma’qul ko‘rdim. Tentak yoki 10 yoshli bola ham emasman, biroq aytishim kerak, jismoniy holatim yaxshi edi, buni mashg‘ulotlar jarayonida ko‘rish mumkin edi. Biror yumushga yaray olardim va hech kimdan kam emasdim.
Kiyinish xonasining bir bo‘lagi ekanimdan, yosh futbolchilar bilan ishlab, ularga tajribamni berish orqali murabbiyga yordam qilishdan juda baxtli edim. Zaxiradan tushgan vaqtim stadion “yonardi” va bu atmosfera hammaga yordam berardi. Hamma narsaning oxiri bor, buni bilaman, ahmoq emasman. Biroq muammo shundaki, ba’zi odamlar kelib klubni tark etish qaroriga kelganimni e’lon qilishni so‘radi, keyin esa meni bir chetga surib qo‘yishdi. Juda siqildim. Klub uchun barchasiga tayyor edim. Eshitib oling, vaziyat o‘zgarmas ekan Trigoriyaga (“Roma” bazasi joylashgan joy) qadam bosmayman.
O‘g‘lim — “Roma” akademiyasi tarbiyalanuvchisi. Uni har gal mashg‘ulotlarga olib borganimda darvoza oldida qolaman. Ba’zida mashinada qolaman va 30 yil o‘tib bu yerga kira olmaydigan darajaga yetib kelganimni o‘ylab yig‘layman. Men ketdim va shu bilan tamom. Hali ham yaqin do‘stlarim bor va ular so‘rashgani tashqariga chiqib turadi. Vaqti vaqti bilan o‘g‘lim o‘yin tomosha qilish uchun chaqirib qoladi, biroq men bunday qila olmayman. Bu men uchun o‘limga teng”, — deydi Totti.
Eslatib o‘tamiz, Totti 1992—2017-yillar mobaynida rimliklar safida to‘p surgan. 2017-yilda futbolchilik faoliyatini yakunlagan Totti klub direktorligi lavozimini egallaydi. Biroq 2019-yilning yozida kelishmovchiliklar sabab bu lavozimni ham tark etadi.
Место для вашей рекламы