Yaponiya hukumati fuqarolariga koronavirus sabab salkam 1000 dollardan tarqatishga qaror qildi

Yaponiya hukumati koronavirus pandemiyasi sabab yuzaga kelgan inqiroz holatida aholini qo‘llab-quvvatlash uchun mamlakatning barcha fuqarosiga 100 ming iyendan (926 dollar) tarqatadi. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, dastlab yapon hukumati koronavirus sabab daromadi keskin kamayganini isbotlab bergan xo‘jaliklarni qo‘llab-quvvatlash niyatida bo‘lgan. Biroq hukumatning ma’lum qilishicha, bu kabi moddiy yordam tizimi uzoq vaqt oladi. Bundan tashqari, hujjatlarni yig‘ish va topshirish koronavirus tarqalishiga sharoit yaratib berishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, 16-aprel kuni Yaponiya bosh vaziri Sindzo Abe favqulodda holat rejimi mamlakatning butun hududida joriy qilinishini ma’lum qildi. Avvalroq Yaponiyada favqulodda holat rejimi 7-aprelda mamlakatning 47 ta prefekturasidan 7 tasida, shu jumladan, Tokioda e’lon qilingan.
Avvalroq Qozog‘istonda koronavirus pandemiyasi sabab uyda o‘tirgan kam ta’minlangan oilalar, norasmiy ishlovchi fuqarolar, aholining yordamga muhtoj qatlamiga 42 500 tenge (958 ming so‘m) miqdoridagi ijtimoiy yordam ko‘rsatilishi ma’lum qilingandi.
O‘zbekistonda esa Prezident Shavkat Mirziyoyev aprel oyining boshida koronavirus pandemiyasi sharoitida aholi, iqtisodiyot va tadbirkor subyektlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha farmonni imzoladi. Farmonga ko‘ra, aholini ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish va iqtisodiyot tarmoqlari faoliyat ko‘rsatishining barqarorligini ta’minlash, shuningdek, ayrim xo‘jalik yurituvchi subyektlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida bir qator yengilliklar berildi.
Место для вашей рекламы