JSST vakili Rossiyadagi koronavirus bilan bog‘liq vaziyatdan xavotirda ekanini bildirdi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti Rossiyada va boshqa bir nechta davlatlarda koronavirusning tarqalishi bilan bog‘liq vaziyatdan xavotirda. Bu haqda tashkilotning Yevropadagi mintaqaviy byurosi direktori Xans Klyuge bayonotiga tayanib, “RIA Novosti” xabar bergan.
Tashkilot vakili Yevropaning ayrim davlatlarida, jumladan, Germaniya, Italiya, Ispaniya va Fransiyada vaziyat ijobiy tomonga o‘zgarganini qayd etgan.
“Biroq bir nechta davlatlardagi ijobiy jihatlar bilan bir qatorda boshqa mamlakatlar, xususan, Buyuk Britaniya, Ukraina, Turkiya, Belarus va Rossiyada vaziyat og‘irlashmoqda”, — degan Klyuge. JSST vakili keyingi hafta Yevropada yanada og‘ir o‘tishi va qit’a uchun muhim davr bo‘lishini ta’kidlagan.
Klyuge turli mamlakatlarda belgilangan tartibga rioya qilayotganlarning hammasiga minnatdorlik bildirgan va bayram kunlarida ham karantin qoidalariga rioya etishga chaqirgan.
“Bahor ob-havosi hukmronlik qilayotgan bo‘lsa ham kuchli bo‘ronda qolib ketganmiz. Ayrim davlatlarda COVID-19 bilan xastalanganlar soni kamayayotgan bo‘lsa, ba’zi mamlakatlarda og‘ir damlar yaqinlashmoqda”, — deya qo‘shimcha qilgan JSSTning Yevropadagi vakili.
Amaldor mamlakatlarni bir-birlaridan o‘rganish va o‘zaro bamaslahat ish ko‘rishga chaqirdi. Ayniqsa, epidemiya bilan kurashish maqsadida belgilangan cheklov me’yorlarini bekor qilishda yoki yumshatishda shoshilmaslikni so‘radi.
“Ushbu holatda birdam bo‘lish eng asosiy jihatlardan biri ekanini unutmaslik kerak”, — deya gaplariga yakun yasagan Kryuge.
COVID-19 koronavirusi pandemiyasi dunyoning ko‘plab mamlakatlarida davom etmoqda. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra butun dunyoda koronavirus yuqtirib olganlar soni 2 million nafardan oshib ketgan, taxminan 126 ming kishi kasallikdan vafot qilgan. Koronavirus sabab vafot etganlar soni bo‘yicha AQSh yetakchilik qilmoqda, undan keyingi o‘rinlarda Italiya, Ispaniya va Fransiya bormoqda.
Место для вашей рекламы