Andijon, Namangan va Farg‘onada yerosti silkinishlari sezildi

O‘zbekistonning Farg‘ona vodiysida joylashgan viloyatlarida 17-aprel kuni soat 9:34 da yerosti silkinishlari sezildi, deya xabar bermoqda FVVning Respublika Seysmoprognostik monitoring markazi.
Ma’lum qilishlaricha, zilzila Tojikiston hududida, Namangan shahridan 7 kilometr masofada joylashgan nuqtada yuz bergan. Epitsentrda magnituda 4 ni tashkil etgan, zilzila o‘chog‘i 10 kilometr chuqurlikda bo‘lgani aytilmoqda.
Qo‘shimcha qilishlaricha, yerosti silkinishlari kuchi Namangan shahrida 4 ballni, Andijon shahrida (zilzila epitsentridan 57 kilometr masofada) 2 ballni, Farg‘ona shahrida (71 kilometr masofada) 2 ballni tashkil etgan.
Farg‘ona vodiysi viloyatlarida 29-mart kuni ham yerosti silkinishlari sezilgan, o‘shanda zilzila epitsentri Qirg‘izistonda joylashgani ta’kidlangan edi. Shuningdek, 26-mart kuni Tojikiston bilan chegara hududida yuz bergan zilzila kuchi O‘zbekistonning deyarli barcha shaharlarida sezilgan edi.
Место для вашей рекламы