Guanchjouda karantindan keyin ochilgan Hermès do‘koni bir kunda 2,7 mln dollar ishlab topdi

Xitoyning Guanchjou shahrida Hermès modalar uyi do‘koni karantindan so‘ng 11-aprel kuni ish boshladi. Birinchi ish kunida brend 19 million yuan, ya’ni 2,7 million dollar daromad ko‘rdi, deb yozadi Esquire.
Taikoo Hui Guangzhou nufuzli savdo markazida joylashgan do‘kon xaridorlarni jalb qilish maqsadida kam uchraydigan sumka modellari, xususan, Himalayan Birkin brilliantlari hamda timsoh terisi bilan bezatilgan sumkalarni taqdim etgan. Timsoh terisidan tikilgan sumkalar dunyodagi eng qimmat sumkalar hisoblanadi.
Pandemiya tufayli ikki oydan ko‘proq ishlamagan do‘kon ochilishiga Guanchjou ma’muriy markazi hisoblanadigan Guandun provinsiyasidan badavlat xaridorlar tashrif buyurgan. Xaridorlar eng ko‘p sumka, interyer jihozlari, oyoq kiyim va charmdan tikilgan aksessuarlar sotib olgan.
Savdo-sotiq sohasidagi ekspertlar ushbu holatni Revenge Buying yoki “revansh xaridlar” deb ataydi. Bunda uzoq vaqt mobaynida o‘ziga kerakli buyumlarni o‘ziga yoqadigan sharoitda sotib olish imkoniga ega bo‘lmagan qimmatbaho tovarlar iste’molchilari cheklovlar olib tashlanganidan keyin qo‘ldan boy berilgan xaridlar o‘rnini darhol to‘ldirishga tushadi.
Biroq ekspertlar fikricha, savdo-sotiqning kutilmagan tarzda tezlashib ketishiga qaramay Xitoyda bozorni qayta tiklash oson bo‘lmaydi.
Место для вашей рекламы