Yaponiyalik olimlar koronavirus ko‘payishini to‘xtatishi mumkin bo‘lgan preparat nomini aytdi

Yaponiyaning Isexara shahridagi Tokay universiteti olimlari nelfinavir preparati (COVID-19 infeksiyasini uyg‘otuvchi) SARS-CoV-2 koronavirusining bo‘linishini to‘xtatishi mumkin, degan xulosaga keldi. Tadqiqot natijalari bioRxiv portalida e’lon qilingan
Nelfinavir antiretrovirusli preparat bo‘lib, undan OIVni davolashda boshqa shu kabi dorilar bilan birga foydalaniladi. Yaponiyalik olimlar to‘qqizta shunday dorilarni o‘rganib chiqdi va nelfinavir hatto eng kichik dozada qo‘llanilganda ham koronavirus patogenining replikatsiyasini to‘xtata olishini aniqladi.
Xabarda aytilishicha, olimlar ushbu preparatni koronavirusga qarshi samarali dorilar ro‘yxatiga kiritishni tavsiya qildi. Biroq, shu bilan birga, koronavirusni davolash uchun tasdiqlangan vosita hali mavjud emasligi, shuning uchun virusga qarshi samarali preparatlar sinovdan o‘tkazilishi kerakligini ta’kidlagan.
Avvalroq Rossiyada koronavirusga qarshi kurash uchun 3 turdagi dori ishlab chiqilgani, AQShda koronavirusni bezgakka qarshi dorilar bilan davolashga ruxsat berilgani, O‘zbekistonda koronavirusni davolashda foydalanilayotgan preparat nomi ma’lum qilingandi.
Jons Hopkins ma’lumotlariga ko‘ra, ayni paytda dunyo bo‘yicha koronavirusga chalinganlar soni 1 million 860 mingdan oshgan, qariyb 115 ming kishi vafot etgan.
Место для вашей рекламы