Amerikada shahar meri karantinda kafelarga yig‘ilgan odamlarni tarqatishni buyurdi. Politsiya barda uning xotinini uchratdi


Aprel oyi boshida AQShning Illinoys shtati Olton shahri meri Brent Uoker aholini koronavirus tufayli joriy etilgan karantinga amal qilishni so‘radi, deb yozadi TJournal. 
“Bu juda jiddiy, sizdan o‘tinib so‘rayman, uyda qoling, bu hammamizning sog‘limiz uchun juda muhim”,  — degan edi mer.
Odamlar uning gapiga quloq solmay restoran va kafelarga borayotgani anglashilganidan so‘ng mer qat’iy choralar ko‘rishga o‘tdi. U politsiyaga restoran va barlarga to‘planayotgan odamlarni tarqatishni, karantin qoidalarini buzayotganlarni jarimaga tortishni buyurdi.
Ertasi kuni politsiya Hiram’s Tavern barida yigilgan odamlarni tarqatayotganida, tasodifan merning xotini ham ular orasida ekanligiga guvoh bo‘ldi.
Bu haqda Olton merining o‘zi Facebook’dagi sahifasida ma’lum qildi.
“Men politsiya boshlig‘iga aytdim, xotinimga ham karantin qoidalariga rioya etmagan fuqarolarga nisbatan ko‘riladigan chora qo‘llaniladi. U hech qanday imtiyozga ega bo‘lmaydi.
Mening xotinim — kap-katta odam va u o‘zi qaror qabul qila oladi. Ushbu holatda u o‘zining mas’uliyatsizligini ko‘rsatdi. Endi u ham hamma qatori javobgarlikka tortiladi. Uning qilmishidan xijolatdaman, barcha oltonliklardan uzr so‘rayman”, — deydi Brent Uoker.
Illinoys shtatidagi karantin doirasida barcha ommaviy va shaxsiy yig‘inlar o‘tkazish taqiqlangan. Ushbu qoidaga amal qilmagan fuqarolar 2,5 ming dollar jarimaga tortilishi yoki 364 kunga qamalishi mumkin.
Место для вашей рекламы